Maxfiylik siyosati
Bu hujjat TgSavdo platformasi shaxsga doir ma'lumotlar bilan qanday ishlashini oddiy tilda tushuntiradi: nimani yig'amiz, nima uchun, kim bilan bo'lishamiz, qayerda saqlaymiz va siz nimani talab qilishingiz mumkin.
Eng muhimi qisqacha. TgSavdo — Telegram ichida do'kon yuritish uchun dasturiy ta'minot. Biz tovar sotmaymiz va xaridorlarning pulini o'zimiz orqali o'tkazmaymiz. Do'kon sotuvchiga tegishli, buyurtma to'g'ridan-to'g'ri sotuvchiga tushadi. Shuning uchun ma'lumotlarga nisbatan bizning rolimiz va sotuvchining roli har xil — bu haqda 3-bo'limda.
1. Ma'lumotlar operatori va aloqa
Platforma va shu sayt operatori — «HILOLSOFT» MChJ, STIR 313173743, yuridik manzil: Toshkent sh., Mirzo Ulug'bek tumani, Sayram ko'chasi, 26/10.
Quyida «biz», «TgSavdo» yoki «platforma» deganda ana shu tashkilot tushuniladi. «Sotuvchi» — platformada ro'yxatdan o'tib, o'z Telegram-boti ichida do'kon yuritayotgan foydalanuvchi. «Xaridor» — sotuvchining do'kon vitrinasidan buyurtma bergan shaxs.
Ma'lumotlar bo'yicha har qanday savol va murojaat uchun:
- E-mail: hello@tgsavdo.uz
- Telegram: @tgsavdouz_bot
- Telefon: +998 99 874 22 00
- Pochta manzili: Toshkent sh., Mirzo Ulug'bek tumani, Sayram ko'chasi, 26/10
2. Qanday ma'lumotlarni yig'amiz
Biz faqat xizmat ishlashi uchun haqiqatan zarur bo'lgan ma'lumotlarni yig'amiz. Ular ikki guruhga bo'linadi: sotuvchi haqidagi va xaridor haqidagi ma'lumotlar.
2.1. Sotuvchi haqida
- Telegram profil ma'lumotlari — Telegram ID, ism va familiya, username, profil surati havolasi, interfeys tili. Bularni siz Telegram orqali kirganingizda Telegram'ning o'zi bizga uzatadi; alohida parol yaratmaysiz.
- Do'kon ma'lumotlari — do'kon nomi va manzili (slug), bot nomi va ID'si, kategoriyalar, tovarlar (nomi, tavsifi, narxi, suratlari). Tovar suratlarini siz o'zingiz yuklaysiz.
- Botingizning tokeni — @BotFather'dan olgan kalit. U bazada AES-256-GCM algoritmi bilan shifrlangan holda saqlanadi va faqat bitta maqsadda ishlatiladi: sizning do'koningiz ishlashi uchun (webhook o'rnatish, xabar yuborish, vitrina tugmasini sozlash). Biz uni ochiq ko'rinishda ko'rmaymiz, boshqa maqsadda ishlatmaymiz va hech kimga bermaymiz. Istalgan paytda @BotFather'da tokenni bekor qilib, ulanishni to'xtatishingiz mumkin.
- Sessiya — kabinetga kirganingizda brauzeringizga amal qilish muddati 30 sutka bo'lgan sessiya tokeni beriladi. Bazada tokenning o'zi emas, uning SHA-256 xeshi saqlanadi: bazaga kirgan odam ham sizning nomingizdan tizimga kira olmaydi. Token brauzerda qayerda saqlanishi 10-bo'limda yozilgan.
- Texnik jurnallar — IP-manzil, so'rov vaqti, so'rov usuli va manzili, javob kodi va so'rovga ishlov berish vaqti. Bular xavfsizlik, nosozliklarni topish va so'rovlar chastotasini cheklash (antiflud) uchun kerak. So'rovlar mazmunini ilovamiz yozib bormaydi. Uning oldida ishlaydigan veb-server esa o'z texnik jurnalini yuritadi.
- Obuna va to'lov — ushbu tahrir e'lon qilingan sanada platformadan foydalanish uchun haq olinmaydi: servisda tariflar ham, to'lovni qabul qilish ham yo'q, shuning uchun hech qanday to'lov ma'lumotini yig'maymiz. Tariflar joriy etilganda tanlangan tarif, to'lov holati va hisob-kitob hujjatlari uchun zarur ma'lumotlarni saqlaymiz. To'lovning o'zi to'lov tashkiloti tomonida amalga oshiriladi: karta raqami va boshqa to'lov rekvizitlari bizga tushmaydi va bizda saqlanmaydi.
2.2. Xaridor haqida
Xaridor sotuvchining Mini App vitrinasida buyurtma rasmiylashtirganda quyidagilar saqlanadi:
- Telegram ID — buyurtma haqiqatan ham shu foydalanuvchidan kelganini tekshirish uchun (Telegram'ning initData mexanizmi orqali);
- ism, telefon raqami, yetkazib berish manzili va buyurtmaga izoh — ularni xaridorning o'zi formaga kiritadi;
- buyurtma tarkibi (tovar nomi, narxi, soni), umumiy summa, buyurtma raqami, holati va vaqti.
Buyurtma formasida oxirgi marta kiritilgan ism, telefon va manzil xaridorning o'z qurilmasida, brauzerning localStorage xotirasida qoladi — keyingi safar formani qaytadan to'ldirmaslik uchun. Bu ma'lumot qurilmadan chiqmaydi va brauzer ma'lumotlarini tozalash orqali o'chiriladi.
2.3. Platforma boti @tgsavdouz_bot orqali kelgan arizalar
Servisning o'zidan tashqari bizda alohida platforma boti bor — @tgsavdouz_bot. Bo'lajak sotuvchilarning ulanish uchun arizalari va savollari shu bot orqali qabul qilinadi. Bu sotuvchining do'koni emas, bu — bizning o'z aloqa kanalimiz, shuning uchun undagi ma'lumotlarga nisbatan operator biz hisoblanamiz.
- Bot nimani saqlaydi: Telegram ID, username, Telegram profilidagi ism va familiya, muloqot tili tanlangan til belgisi, o'tish manbasi belgisi (botni qaysi deep-link orqali ochganingiz — masalan, lendingdan), «nima sotasiz» degan savolga bergan javobingiz, telefon raqamingiz (uni tugma orqali yuborasiz yoki qo'lda kiritasiz), shuningdek arizaning sanasi va vaqti.
- Telefon majburiy emas: bu qadamda «O'tkazib yuborish» tugmasi bor — ariza raqamsiz ham saqlanadi.
- Nima uchun: ulanish arizasini ko'rib chiqish, siz bilan bog'lanish, savolingizga javob berish va do'konni ishga tushirishda yordam berish uchun. Bu kontaktlar uchinchi shaxslarning reklamasi uchun ishlatilmaydi va hech kimga berilmaydi.
- Qayerda saqlanadi: O'zbekistondagi serverimizdagi xizmat faylida — do'konlar bazasidan alohida.
- Kim ko'radi: platforma administratorlari. Har bir yangi ariza qo'shimcha ravishda jamoamizning Telegram'dagi xizmat chatiga xabar tarzida yuboriladi, arizalarning to'liq ro'yxatini esa administrator shu botning o'zidan fayl ko'rinishida yuklab olishi mumkin.
- Qancha saqlanadi: ariza siz bilan ishlash uchun dolzarb bo'lgan davrda — rozilik qaytarib olinguncha yoki o'chirish so'rovingiz kelguncha.
- Qanday o'chiriladi: qo'llab-quvvatlash xizmatiga hello@tgsavdo.uz manziliga yoki o'sha @tgsavdouz_bot ga yozing — arizangiz yozuvini va xizmat chatidagi xabarni o'chiramiz. Bu qo'lda bajariladigan amal, shuning uchun 10 ish kunigacha vaqt olishi mumkin.
2.4. Biz nimani yig'MAYMIZ
- biometrik va genetik ma'lumotlar, sog'liq to'g'risidagi ma'lumotlar;
- pasport ma'lumotlari, karta raqamlari va bank rekvizitlari;
- reklama uchun profil tuzish, boshqa saytlardagi xatti-harakatingizni kuzatish — buni ham qilmaymiz.
3. Xaridorlar ma'lumotlari kimniki
Bu — eng muhim bo'limlardan biri, chunki har bir do'kon mustaqil biznes.
- Do'kon xaridorlari — o'sha sotuvchining mijozlari. Ularning ma'lumotlariga nisbatan operator sotuvchi hisoblanadi.
- TgSavdo esa bu ma'lumotlarga nisbatan sotuvchining topshirig'i asosida ishlov beruvchi texnik tomon bo'lib chiqadi: biz ularni faqat do'kon ishlashi uchun (buyurtmani qabul qilish, sotuvchiga yetkazish, kabinetda ko'rsatish) va sotuvchi ko'rsatmasi doirasida qayta ishlaymiz.
- Sotuvchi o'z mijozlarining kontaktlaridan qanday foydalanishi — xabarnoma yuborishmi, qayta murojaatmi — uning o'z javobgarligi. Zarur rozilikni olish, qonun talablariga rioya qilish va mijoz murojaatiga javob berish ham sotuvchi zimmasida.
- Biz bir do'konning buyurtmalarini boshqa sotuvchiga ko'rsatmaymiz. Ma'lumotlar do'konlar kesimida qat'iy ajratilgan.
- Biz xaridorlar bazasini sotmaymiz, ijaraga bermaymiz va o'z nomimizdan reklama yubormaymiz.
Agar siz xaridor bo'lsangiz va buyurtmangiz bo'yicha ma'lumotni o'chirish yoki tuzatishni istasangiz, avval do'kon egasiga murojaat qiling — bazani u boshqaradi. Bizga yozsangiz ham qaramay qolmaymiz: murojaatingizni tegishli sotuvchiga yetkazamiz va texnik tarafdan yordam beramiz.
4. Ishlov berish asoslari va maqsadlari
Har bir ma'lumotni aniq maqsad va aniq huquqiy asos bilan qayta ishlaymiz:
- Shartnomani bajarish (ommaviy oferta shartlarida xizmat ko'rsatish) — akkaunt yaratish, botni ulash, katalog yuritish, buyurtmalarni qabul qilish va sotuvchiga yetkazish, texnik yordam ko'rsatish, tariflar joriy etilgandan keyin esa — obunani hisoblash ham.
- Sub'ektning roziligi — Telegram orqali kirish, buyurtma formasini yuborish, xabarnomalarga obuna bo'lish kabi ixtiyoriy harakatlar. Rozilikni istalgan paytda qaytarib olishingiz mumkin; bu undan oldin qonuniy amalga oshirilgan ishlov berishga daxl qilmaydi.
- Qonun talablari — buxgalteriya va soliq hujjatlarini yuritish, vakolatli organlarning qonuniy so'rovlariga javob berish.
- Bizning qonuniy manfaatimiz — xizmat xavfsizligini ta'minlash, suiiste'mol, spam va firibgarlikning oldini olish, nosozliklarni tahlil qilish, xizmat sifatini yaxshilash. Bu maqsadlarda imkon qadar umumlashtirilgan ma'lumotdan foydalanamiz.
Yig'ilgan ma'lumotni boshlang'ich maqsadga mos kelmaydigan yangi maqsadda ishlatmoqchi bo'lsak, avval sizni xabardor qilamiz va zarur bo'lsa rozilik so'raymiz.
5. Uchinchi shaxslarga uzatish
Biz shaxsiy ma'lumotlarni sotmaymiz, ijaraga bermaymiz va reklama brokerlariga bermaymiz. Ma'lumot faqat xizmat ishlashi uchun zarur bo'lgan doirada quyidagi tomonlarga tegishi mumkin:
- Telegram — aloqa kanali sifatida. Do'kon Telegram ichida ishlaydi, shuning uchun xabarlar, Mini App va bot bilan bog'liq trafik Telegram infratuzilmasi orqali o'tadi. Telegram bu ma'lumotlarga o'zining maxfiylik siyosati asosida ishlov beradi.
- To'lov tashkilotlari (Payme, Click va shu kabilar) — ushbu tahrir e'lon qilingan sanada servisda onlayn to'lov ulanmagan, buyurtma sotuvchiga ariza tarzida yetkaziladi. Bunday imkoniyat paydo bo'lganda uni sotuvchi o'zi, to'lov tashkiloti bilan tuzgan shaxsiy shartnomasi asosida ulaydi va sozlaydi: to'lov ma'lumotlari to'g'ridan-to'g'ri o'sha tashkilotga boradi, pul esa sotuvchining hisobiga tushadi; platforma bu pulga tegmaydi.
- Hosting-provayder — O'zbekistondagi ma'lumotlar markazi (Servercore, Toshkent) serverlar va tarmoq infratuzilmasini taqdim etadi.
- Vakolatli davlat organlari — faqat qonunda belgilangan asos va tartibda kelgan so'rov bo'yicha.
- Sotuvchi — o'z do'koni buyurtmalari va xaridorlari bo'yicha ma'lumotni ko'radi. Bu xizmatning mohiyati: buyurtmani bajaradigan tomon aynan sotuvchi.
Kelajakda biror texnik yordamchi xizmat (masalan, SMS yoki elektron pochta yuborish servisi) ulansa, ular bilan ma'lumotlarni himoya qilish majburiyatini nazarda tutuvchi shartnoma tuzamiz va bu siyosatni yangilaymiz.
6. Ma'lumotlar qayerda saqlanadi
Serverlar, ma'lumotlar bazasi va tovar suratlari O'zbekiston Respublikasi hududida — Toshkentdagi ma'lumotlar markazida joylashgan.
«Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni (O'RQ-547, 2019-yil 2-iyul) 2026-yil 26-martdagi O'RQ-1125-son qonun tahririda majburiy lokalizatsiya talabini faqat biometrik ma'lumotlar, genetik ma'lumotlar va telekommunikatsiya operatorlari xizmatlaridan foydalanuvchilar ma'lumotlari uchun saqlab qoldi. Biz bunday toifadagi ma'lumotlarga ishlov bermaymiz — shunga qaramay, hamma narsani O'zbekistonda saqlaymiz: bu foydalanuvchi uchun ham, biz uchun ham eng tushunarli yechim.
Yagona tabiiy istisno — Telegram: xabarlar va Mini App trafigi Telegram serverlari orqali o'tadi, chunki mahsulot aynan Telegram ichida ishlaydi.
7. Saqlash muddatlari va o'chirish
- Sotuvchi akkaunti va do'kon ma'lumotlari — akkaunt faol bo'lgan davrda saqlanadi.
- Buyurtmalar va xaridorlar ma'lumotlari — do'kon mavjud ekan saqlanadi: ular sotuvchiga hisobot yuritish va mijozlar bilan bo'lishi mumkin bo'lgan nizolarni hal qilish uchun kerak. Do'kon o'chirilganda uning buyurtmalari va buyurtma tarkibi, tovarlari, kategoriyalari hamda yuklangan tovar suratlari ham birga o'chiriladi.
- Bot tokeni — do'konni o'chirganingizda bazadan olib tashlanadi, shu bilan birga Telegramdan webhook'ni uzishni so'raymiz (Telegram javob bermasa ham do'kon o'chiriladi).
- Kabinet sessiyalari — kirgan paytdan boshlab 30 sutka; shu muddat tugagach sessiya kuchini yo'qotadi, kabinetdan «Chiqish» bosilganda esa darhol bekor qilinadi.
- @tgsavdouz_bot arizalari (2.3-bandga qarang) — rozilik qaytarib olinguncha yoki o'chirish so'rovingiz kelguncha; qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat bo'yicha qo'lda o'chiramiz (2.3-bandga qarang).
- Texnik jurnallar — muddat bilan emas, hajm bilan cheklangan: ilova va veb-server jurnallari belgilangan hajmdagi fayllarga yoziladi, fayl to'lgan sari eski yozuvlar yangilari bilan avtomatik almashtiriladi. Bu necha kunga to'g'ri kelishi yuklamaga bog'liq.
- Buxgalteriya va to'lov hujjatlari — qonunchilikda belgilangan saqlash muddati davomida (bu majburiyat akkaunt o'chirilgandan keyin ham amal qiladi).
Qanday o'chirish mumkin. Do'konni kabinetning o'zidan o'chirishingiz mumkin. Akkaunt va u bilan bog'liq barcha ma'lumotni butunlay o'chirishni istasangiz, hello@tgsavdo.uz ga yozing — so'rovni tekshirib, 10 ish kuni ichida bajaramiz va natijasi haqida xabar beramiz.
Zaxira nusxalar haqida — ochig'i. Platforma O'zbekistondagi provayderning boshqariladigan ma'lumotlar bazasida ishlaydi. Platformaning o'z tomonidagi zaxira nusxa olish siyosati joriy etilish bosqichida, shuning uchun hozircha ma'lumotlarni tiklash bo'yicha kafolat bermaymiz. Zaxira nusxa olish sozlangach, nusxalarning saqlanish muddatini shu yerda yozamiz; so'rovingiz bo'yicha o'chirilgan ma'lumot ulardan qayta yozilishi bilan yo'qoladi va bu oraliqda tiklashdan boshqa maqsadda ishlatilmaydi. Muhim ma'lumotlarni kabinetdan o'zingiz yuklab olib turishni tavsiya qilamiz.
8. Sizning huquqlaringiz
O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq siz quyidagi huquqlarga egasiz:
- o'zingiz haqingizda qanday ma'lumot saqlanayotganini bilish va uning nusxasini olish;
- noto'g'ri yoki eskirgan ma'lumotni tuzatishni talab qilish;
- ma'lumotni o'chirishni yoki bloklashni talab qilish, agar u qonunga zid yig'ilgan bo'lsa yoki maqsadga endi kerak bo'lmasa;
- ilgari bergan rozilikni qaytarib olish;
- ishlov berishga e'tiroz bildirish yoki uni cheklashni so'rash;
- vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilish.
Qanday amalga oshiriladi. hello@tgsavdo.uz ga yoki @tgsavdouz_bot ga yozing. Ma'lumot begona odamga tushib qolmasligi uchun murojaatni akkauntingiz bog'langan Telegram profili yoki ro'yxatdan o'tgan aloqa vositasi orqali yuborishingizni so'raymiz. Murojaatlarni qonunda belgilangan muddatlarda, odatda 10 ish kuni ichida ko'rib chiqamiz. Rad javobi bo'lsa, sababini yozib tushuntiramiz.
Agar so'rov aniq bir do'kon xaridorlari ma'lumotlariga tegishli bo'lsa, uni bajarish sotuvchi ixtiyorida bo'ladi — 3-bo'limga qarang.
9. Himoya choralari
- Sayt, kabinet, vitrina va API o'rtasidagi barcha trafik HTTPS (TLS) orqali shifrlanadi.
- Bot tokenlari bazada AES-256-GCM bilan shifrlangan holda yotadi; shifr kaliti bazadan alohida saqlanadi.
- Sessiya tokenlari bazada ochiq holda emas, faqat SHA-256 xeshi ko'rinishida saqlanadi. Sessiya tokeni brauzer bilan server o'rtasida faqat himoyalangan ulanish orqali uzatiladi, API tomonidagi xizmat cookie'si
sessionesaHttpOnly,SecurevaSameSite=Laxbayroqlari bilan beriladi. Kabinet cookie'lari qanday tuzilgani — 10-bo'limda. - Do'konlar bir-biridan ajratilgan: har bir so'rovda resurs aynan shu sotuvchiga tegishli ekani tekshiriladi.
- Botdan keladigan webhook'lar maxfiy sarlavha-token bilan tasdiqlanadi, buyurtma esa Telegram initData imzosi bo'yicha tekshiriladi — soxta buyurtma yuborib bo'lmaydi.
- So'rovlar chastotasi cheklanadi (rate limiting), yuklanadigan fayllar turi va hajmi nazorat qilinadi.
- Ma'lumotlar bazasiga kirish faqat cheklangan doiradagi texnik xodimlarga, xizmat ehtiyoji doirasida ochilgan.
Internetda mutlaq xavfsizlikni hech kim kafolatlay olmaydi. Agar ma'lumotlar xavfsizligiga jiddiy tahdid soladigan hodisa yuz bersa, biz zarar ko'rgan foydalanuvchilarni va zarur hollarda vakolatli organni qonunda belgilangan tartibda xabardor qilamiz.
10. Cookie va shunga o'xshash texnologiyalar
Bizda reklama va kuzatuv (tracking) cookie'lari yo'q. Ishlatilayotganlarining hammasi quyida:
- Ushbu sayt (tgsavdo.uz) — o'z cookie'larini o'rnatmaydi. Faqat shriftlar Google Fonts xizmatidan yuklanadi, ya'ni brauzeringiz Google serveriga so'rov yuboradi va bunda IP-manzilingiz va brauzer turi ko'rinadi. Sotuvchi kabinetida ham xuddi shunday.
- Sotuvchi kabineti (kabinet.tgsavdo.uz) — zaruriy
accessTokencookie: unda sizning sessiya tokeningiz yotadi. U ataylab sahifa skriptlariga ochiq — kabinet tokenni shu cookie'dan olib, API'ga har bir murojaatdaAuthorizationsarlavhasiga qo'yadi. Cookie faqat HTTPS orqali uzatiladi (Securebayrog'i),SameSite=Laxbilan beriladi, amal qilish muddati — 30 sutka. Bundan tashqari API tomonida (api.tgsavdo.uz)HttpOnly,SecurevaSameSite=Laxbayroqlari bilan xizmat cookie'sisessionberiladi. Bu cookie'larsiz tizimga kirib bo'lmaydi, shuning uchun ular texnik jihatdan majburiy hisoblanadi. Bundan tashqari interfeys sozlamalari (mavzu, menyu ko'rinishi) saqlanadi — bu ham cookie, lekin ular sizni shaxsan aniqlamaydi. - Mini App vitrinasi — savat va oxirgi kiritilgan aloqa ma'lumotlari brauzerning localStorage xotirasida, ya'ni foydalanuvchining o'z qurilmasida saqlanadi. Bu kuzatuv emas: server bu xotirani o'qimaydi, u faqat sahifani yopib-ochganda savat yo'qolmasligi uchun kerak.
- Analitika va reklama piksellari — hozircha ulanmagan: Google Analytics, Meta Pixel yoki shunga o'xshash vositalar ishlatilmayapti. Kelajakda ulansa, biz bu siyosatni yangilaymiz va qonun talab qilgan hollarda rozilik so'raymiz.
Brauzer sozlamalari orqali cookie'larni o'chirib qo'yishingiz mumkin, lekin sessiya cookie'sisiz kabinetga kirish ishlamaydi.
11. Siyosatga o'zgartirishlar
Mahsulot rivojlanadi, qonunchilik ham o'zgaradi — shuning uchun bu hujjat vaqti-vaqti bilan yangilanadi. Har bir tahrirning sanasi sahifaning yuqorisida ko'rsatiladi va yangi tahrir shu yerda e'lon qilingan kundan kuchga kiradi.
Ma'lumotlarga ishlov berish tartibiga jiddiy ta'sir qiladigan o'zgarishlar bo'lsa, sotuvchilarni kabinet orqali yoki Telegram'da alohida xabardor qilamiz. Xizmatdan foydalanishni davom ettirish yangi tahrir bilan tanishganingizni bildiradi; rozi bo'lmasangiz, akkauntingizni o'chirishni so'rashingiz mumkin.